Afg‘oniston chegaradagi so‘nggi to‘qnashuvlardan so‘ng Pokiston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga intilayotganini ma’lum qildi.
Bu haqda Afg‘oniston mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Muhammad Ya’qub Mujohid “Al-Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida aytdi.
Vazirning ta’kidlashicha, ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik hech bir tomon uchun foydali emas.
“Afg‘oniston va Pokiston qo‘shni davlatlar. Ular o‘rtasidagi keskinlik hech kimga foyda keltirmaydi”, — dedi Mujohid.
U Dohada erishilgan kelishuvni eslab, Turkiyada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuv erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va nazorat qilish mexanizmlarini muhokama etishga bag‘ishlanishini qayd etdi.
Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston kelishuvning barcha shartlariga sodiq qolmoqda, ammo Pokiston o‘z majburiyatlarini bajarmasa, bu yangi muammolarga olib kelishi mumkin. U shuningdek, vositachi sifatida ishtirok etayotgan Turkiya va Qatarni Kobul va Islomobod o‘rtasidagi kelishuvni amalga oshirish jarayonini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Vazir, shu bilan birga, Hindistonning Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlikka aralashgani haqidagi ayblovlarni ham rad etdi.
“Bu ayblovlar asossiz. Bizning siyosati — hududimizdan boshqa davlatlarga qarshi foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik. Biz Hindiston bilan mustaqil davlat sifatida milliy manfaatlar doirasida munosabatlarni rivojlantiramiz, ammo Pokiston bilan ham yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab qolamiz. Maҡsadimiz — munosabatlarni rivojlantirish, keskinlik yaratish emas”, — dedi u.