Qo‘shni davlatlarda allaqachon jahon darajasiga chiqqan futbol yulduzlari yetishib chiqayotgan bir paytda, Qozog‘iston futboli hamon Dastan Satpayevning kelajakdagi muvaffaqiyatiga umid qilib yashamoqda. Sports.kz nashri o‘zbekistonlik Abduqodir Husanov va gruziyalik Xvicha Kvarasxeliya bosib o‘tgan yo‘lni qozog‘istonlik futbolchilar taqdiri bilan qiyoslab, tahliliy maqola e’lon qildi.
Uzoq vaqt davomida sobiq ittifoq hududida (Rossiyadan tashqari) top-klublarda o‘ynaydigan jahon darajasidagi yulduzlar yetishib chiqmadi. O‘tgan o‘n yillikdagi kam sonli misollardan biri Genrix Mxitaryan bo‘ldi. Biroq u ham o‘z terma jamoasini katta turnirlarga olib chiqa olmadi, qo‘lga kiritgan eng katta sovrinlari esa Italiya chempionligi va Yevropa Ligasi bo‘lib qoldi.
Bugungi kunda esa vaziyat butunlay o‘zgacha. Xvicha Kvarasxeliya 25 yoshida Fransiyaning “PSJ” klubi yetakchisiga aylandi, Chempionlar Ligasi kubogini qo‘lga kiritdi va Gruziyani Yevro-2024 musobaqasiga olib chiqdi. O‘zbekistonlik Abduqodir Husanov esa undan uch yosh kichik bo‘lishiga qaramay, allaqachon “Manchester Siti” sharafini himoya qilmoqda. Uning hisobida Angliya Liga Kubogi va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionligi bor.
Yulduzlik sari birinchi qadam
Har ikki futbolchini birlashtirib turadigan jihat shuki, ular o‘z mamlakatlarida o‘smirlar va yoshlar darajasidayoq o‘zlarining nimalarga qodirligini isbotlagan. Husanov O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida Osiyo Kubogidagi qo‘lga kiritgan bo‘lib, barcha o‘yinlarda 90 daqiqa davomida o‘ynagan va jamoasining zafar quchishida kalit o‘yinchi bo‘lgan. Kvarasxeliya esa 17 yoshigacha Gruziya o‘smirlar jamoasi safida 27 o‘yinda 15 ta gol urib, skautlar nazariga tushgan. Ya’ni, ular top-klublarga o‘tishdan ancha oldin xalqaro turnirlarda o‘zlarini ko‘rsatib bo‘lishgan.
Husanov va Kvarasxeliyaning yana bir o‘xshashligi — ularning har ikkisi futbol muhitida o‘sgan. Abduqodirning otasi Hikmat Hoshimov O‘zbekiston terma jamoasida o‘ynagan va mahalliy chempionatda 200 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan. Xvichaning otasi Badri Kvarasxeliya ham Gruziyaning yetakchi klublarida to‘p surib, keyinchalik murabbiylik qilgan. Husanovning “Lans”ga o‘tishida uning o‘yin intellekti, vaziyatni to‘g‘ri o‘qiy olishi alohida qayd etilgan edi. Bu qobiliyat esa oiladagi futbol muhiti ortidan shakllangan deyish mumkin.
Komfort zonasidan chiqish: tavakkal va mehnat
Qozog‘istonlik futbolchilardan farqli o‘laroq, Husanov va Kvarasxeliya mahalliy chempionatda qolib ketishni istashmagan. Husanov “Bunyodkor” tarbiyalanuvchisi bo‘lsa-da, o‘z vatanida kattalar darajasida birorta ham o‘yin o‘tkazmay, 18 yoshida Belarusning “Energetik-BGU” klubiga yo‘l oldi.
Kvarasxeliya ham Gruziya chempionatida jami 33 ta o‘yin o‘tkazgan, xolos. Ular Qozog‘iston Premyer Ligasidan darajasi pastroq bo‘lgan ligalarda o‘ynashdan qochishmagan, chunki bunday yo‘l top-chempionatlarga chiqish uchun eng qisqa yo‘l ekanini tushunishgan.
Qozog‘istonda esa mahalliy futbolchilar Premyer Ligada yillar davomida “istiqbolli” bo‘lib yurishlari va Yevropa o‘lchovlari bo‘yicha ham katta maosh olishlari mumkin. Legionerlar limitining mavjudligi klublarni mahalliy o‘yinchilarga haddan tashqari ko‘p haq to‘lashga majbur qiladi. Bunday sharoitda futbolchi komfort zonasini tark etishga va xorij chempionatlarida o‘ynash fikriga qiziqish bildirmaydi. Husanov 18 yoshida Belarusda, Kvarasxeliya esa xuddi shu yoshda “Rustavi”da muntazam o‘ynay boshlagan bo‘lsa, Qozog‘istonda 18 yoshli yigitlarni asosiy tarkibda ko‘rish juda noyob hodisa bo‘lib qolmoqda.
O‘sish uchun yangi chaqiriqlar
Husanov va Kvarasxeliyaning o‘sishi bosqichma-bosqich, lekin to‘xtovsiz amalga oshgan. Har bir keyingi qadam kuchliroq chempionat va raqobat degani edi. Qozog‘istonda esa futbolchining cho‘qqisi mahalliy ligadagi o‘yinlar bilan cheklanib qoladi. 27–28 yoshga kelib xorijga ketish qiyinlashadi, yangi chaqiriqlar bo‘lmagani sababli rivojlanish to‘xtaydi.
Bundan tashqari, har ikki yulduzning sotish mumkin bo‘lgan aniq ustun jihatlari bor: Xvichada — dribling va yakunlash, Husanovda — tezlik va tajovuzkor himoyachi profili. Qozog‘istonda esa bunday yorqin uslubga ega o‘yinchilar deyarli uchramaydi.
Hozirda faqatgina 16 yoshli Dastan Satpayevning yo‘li yuqoridagi yulduzlarnikiga o‘xshab ketmoqda. U allaqachon “Qayrat” safida to‘purarga aylandi va “Chelsi” bilan kelishuvga erishdi. Biroq asosiy savol shundaki, Qozog‘iston chempionatidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Angliya kabi murakkab muhitga o‘tish uning karyerasiga qanday ta’sir qiladi? Husanov va Kvarasxeliya kabi bosqichma-bosqich tajriba orttirmaslik Dastan uchun qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
Xulosa o‘rnida nashr qozoq futboli qo‘shnilardan o‘rnak olishi, yuksaklikka erishish uchun komfortdan voz kechish va erta voyaga yetish shartligini ta’kidlagan.