O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Xalqaro Tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) Bosh direktori Gretel Agilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda O‘zbekiston 2021 yilda IUCNga a’zo bo‘lganidan buyon hamkorlik barqaror va konstruktiv tarzda rivojlanib borayotgani qayd etilib, Markaziy Osiyoda birinchi hisoblangan IUCN ofisining aynan O‘zbekistonda ochilishiga alohida e’tibor qaratildi. Bosh vazir Xalqaro Tabiatni muhofaza qilish ittifoqi ofisi uchun Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti ("Green University")ning tanlanishi ofis vakillarining ilmiy jamoatchilik bilan yaqindan aloqa o‘rnatishi hamda talabalar, yosh olim va tadqiqotchilarni Ittifoq faoliyatiga jalb etishda ayni muddao bo‘lishini ta’kidladi.
Shuningdek, IUCN ofisi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, O‘zbekistonning noyob o‘simlik va hayvonot dunyosi kadastrni yuritishda xalqaro standartlarni joriy etish, shuningdek, mamlakatimizdagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning “Xalqaro Yashil” sertifikatini olish jarayonida samarali vositaga aylanishiga ishonch bildirildi.
O‘z navbatida Gretel Agilar IUCNning Markaziy Osiyodagi ofisini ochishdagi qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston tomonga samimiy minnatdorchilik bildirib, bu har tomonlama manfaatli va ustuvor qaror ekanini ta’kidladi.
“O‘zbekiston IUCNga a’zo bo‘lganidan buyon mamlakat atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida salmoqli yutuqlarga erishdi — bu alohida e’tirofga loyiq. Biz mintaqadagi faoliyatimizni faollashtirish uchun O‘zbekistonni asosiy darvoza sifatida ko‘rmoqdamiz”, — dedi IUCN Bosh direktori.
U, shuningdek, mamlakatimizning faol tashqi siyosati va Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar fonida O‘zbekiston IUCNning muhim hamkoriga aylanib borayotganini ta’kidladi.
G.Agilarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi ofis ham mamlakat ichida, ham kengroq mintaqaviy kontekstda loyihalarni amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Mutaxassislarni amaliy tayyorlash, yosh mutaxassislar va atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari xodimlarining ilmiy almashinuvi va amaliyotini o‘tashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Uchrashuvda tomonlar o‘simlik va hayvonot dunyosi kadastri, tabiatga yo‘naltirilgan yechimlar va bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalar yaratish, "Green University" bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan muhim xalqaro tadbirlarda ishtirok etishga kelishib olishdi.