Bugun 22 noyabr, 2024 yil, juma

КИР

9 oy bir ayolning uyini o‘margan jinoyatchi qo‘lga tushdi

9 oy bir ayolning uyini o‘margan jinoyatchi qo‘lga tushdi
Termiz tumanidagi Manguzar mahallasida yashovchi tadbirkor R.Rashidovaning uyida hech kim yo‘qligidan foydalangan noma’lum shaxs o‘tgan yil noyabr oyidan joriy yil iyul oyiga qadar o‘g‘irlik sodir etib kelgan.
 
Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot idoralari, davlat va nodavlat tashkilotlari, jamoatchilik vakillari hamkorligida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar olis va chekka hududlardagi xonadonlarga ham kirib, ularning muammolarini, ijtimoiy ahvolini o‘rganishda qulay imkoniyat yaratdi. Bu jarayonda ko‘tarilayotgan muhim masalalarni davlat va jamoat tashkilotlari bilan hal etish choralarini ko‘rish yo‘lga qo‘yilib, aniqlangan huquqbuzarliklarni qonun doirasida bartaraf etishga e’tibor kuchaytirildi. Profilaktika inspektorlarining mahallada hisobot berish tartibi joriy etildi. Oilaviy munosabatlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etilayotgani ham o‘z samarasini bermoqda.
 
Bu kabi say’i-harakatlar ko‘plab huquqbuzarlarni sog‘lom hayotga qaytarish, xonadonlardagi notinchliklarga barham berish imkoniyatini kengaytirmoqda. Sodir etilishi mumkin bo‘lgan ayrim jinoyatlarga chek qo‘yib, yuz bergan jinoyatlarni tezkorlik bilan aniqlash, muqaddam ochilmay qolgan turli jinoyatlarni fosh etishga ko‘maklashayotir. Fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirib, odamlarning ichki ishlar idoralariga ishonchini mustahkamlamoqda. Jumladan, Denov tumanidagi Fayzobod mahallasida yashovchi 25 yoshli ishsiz G.Ashurovaning (ism-shariflar o‘zgartirilgan) hovlisi ko‘zdan kechirilganda, “Nasha” giyohvandlik o‘simligini parvarishlab kelayotgani aniqlangan va tegishli tartibda hujjatlashtirilgan. Tarkibida tetragidrokannabinol mavjud bo‘lgan o‘simlik yo‘q qilinib, tomorqasida og‘u yetishtirayotgan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
 
Termiz tumanidagi Manguzar mahallasida yashovchi tadbirkor R.Rashidovaning uyida hech kim yo‘qligidan foydalangan noma’lum shaxs o‘tgan yil noyabr oyidan joriy yil iyul oyiga qadar qiymati 27 million 550 ming so‘mlik turli zamonaviy maishiy texnika vositalari, kiyim-kechak va boshqa buyumlarni o‘g‘irlab ketgan. Jabrlanuvchining murojaati asosida olib borilgan qidiruv ishlari natijasida mazkur o‘g‘irlikni Termiz shahri CH.Safarov ko‘chasida yashovchi SH.Haitov sodir etgani aniqlanib, ushlangan va ashyoviy dalillar olingan. Termiz shahrining Eski shahar mahallasida yashovchi J.Berdiyev shu yilning mart-aprel oylarida o‘g‘rilik jinoyatini sodir etib, jinoiy javobgarlikdan qochib yurgan edi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi tomonidan qidiruvga berilgan bu shaxs besh yil muqaddam qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish jinoyati bilan sudlangan. U uzoqqa qochib ketolmadi, shahar hududida ushlandi. Ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
 
– Jarqo‘rg‘on tumanida viloyat ichki ishlar boshqarmasi, davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida o‘tkazilgan maxsus tadbir ham hududda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirdi, – deydi viloyat IIB matbuot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboyev. – Kriminogen tezkor vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholining osoyishta hayotini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda profilaktika inspektorlari ham ishtirok etdi. Maxsus tadbir doirasida fuqarolarning muammolari o‘rganilib, oilaviy munosabatlar bilan bog‘liq ayrim masalalarga barham berildi. Muqaddam jinoyat sodir etgan shaxslar hamda huquqbuzarlikka moyil fuqarolar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Jinoyatga qo‘l urib, javobgarlikdan qochib yurgan qator shaxslar aniqlanib, qo‘lga olindi. Masalan, Sherobod tumanidagi G‘o‘rin Gilambob mahallasida yashovchi G‘.Sholliyev shu yil may oyida Toshkent shahrida firibgarlik jinoyatini sodir etib, jinoiy javobgarlikdan qochib yurgan edi. U avval ham firibgarlik, o‘g‘rilik, hujjatlar, shtamplar, muhr va blankalarni, avtomototransport vositalari va ularning tirkamalari (yarim tirkamalar) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki yashirish, o‘zboshimchalik kabi jinoyatlari uchun sudlangan. Qarang, u ham Jarqo‘rg‘on tumanida yashirinib yurgan ekan, qo‘lga olindi. Bunday misollarni yana keltirish mumkin.
 
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi tizimli ishlar amalga oshirilayotgani viloyatni jinoyatdan holi hududga aylantirish, xalqimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga yo‘naltirilgani bilan e’tiborga sazovordir.

Manba: uza.uz

Kiritildi: 16:58 05.07.2018. O'qildi: 2949 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!