Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasining joriy yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida 43 ta masala ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Qo‘mita tomonidan 28 ta masala ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida, 15 ta masala esa kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga bag‘ishlandi. Ularda Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlarga rioya etilishi, bank va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari hamda bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
Prudensial talablar va qonunchilikda belgilangan qoidalarga rioya etmagani uchun 7 ta bank va 13 ta to‘lov tashkilotiga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirish berildi.
Bundan tashqari, 8 ta bankka nisbatan jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalarini buzgani, shuningdek bank xizmatlari ko‘rsatish jarayonida qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygani uchun jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, jarima qo‘llanilishiga banklarda o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan kamchiliklar, ichki nazorat tizimidagi buzilishlar va iste’molchilar bilan munosabatlarda qonun talablariga amal qilinmagani sabab bo‘lgan.
Xabarda jarima qo‘llanilgan banklar nomi oshkor etilmagan.