19–23 oktyabr kunlari V «Zakovat-Gambit» turnirining hududiy saralash o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Bu yil musobaqada ishtirok etish uchun 5 831 nafar shaxmatchi ro‘yxatdan o‘tdi. Quvonarlisi, ular orasida 633 nafar ayol shaxmatchi bor — bu ham rekord ko‘rsatkich.
Muhim yangilik! Hududiy saralashda omad kulib boqmagan yoki unda ishtirok eta olmagan shaxmat ixlosmandlari uchun ham imkoniyat bor: 24 oktyabr kuni chess.com platformasida onlayn saralash o‘tkaziladi.
Saralashdan o‘tgan ishtirokchilar 28 oktyabr kuni yarim finalda, eng kuchlilar esa 29–30 oktyabr kunlari Toshkentda final bosqichida bellashadi.
Bu yilgi turnir mehmonlari — dunyoga mashhur grossmeysterlar! Vengriyalik Peter Leko va hindistonlik Hampi Koneru tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Ular shaxmat ishqibozlari uchun maxsus seanslar o‘tkazib, o‘z tajribalari bilan bo‘lishadi.
Turnirning jami sovrin jamg‘armasi — 620 million so‘m. Ishtirokchilar reytingiga qarab beshta guruhda bellashadi, har bir guruhda esa g‘oliblik uchun kurashish imkoniyati mavjud.
«Zakovat-Gambit» — yangi iste’dodlarni kashf etish, tajriba almashish va shaxmat ishqibozlarini birlashtiradigan katta musobaqa!