Bugun 21 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

2035 yilga borib Pekin aholisining uchdan bir qismi keksalardan iborat bo‘ladimi?

2035 yilga borib Pekin aholisining uchdan bir qismi keksalardan iborat bo‘ladimi?

2035 yilga borib Pekin aholisining uchdan bir qismini 60 yosh va undan kattalar tashkil etadi.

Xitoy uzoq muddatli demografik o‘zgarishlar davriga kirdi: mamlakat aholisi asta-sekin qarib boradi, mehnatga layoqatli yoshdagi aholi ulushi esa izchil qisqaradi.

Prognozlarga ko‘ra, Xitoy poytaxti Pekin aholisining taxminan uchdan bir qismini 60 yosh va undan katta yoshdagi kishilar tashkil etadi.

«Beijing Daily» gazetasining xabar berishicha, 2025 yil oxiriga kelib, 60 yosh va undan katta yoshdagi aholi soni 5,29 million kishiga etgan.

Ushbu yosh toifasiga mansub aholi shahar aholisining qariyb to‘rtdan bir qismini tashkil etadi. Prognozlarga ko‘ra, 10 yildan keyin bu ko‘rsatkich uchdan bir qismga etadi.

Shahar ma’muriyati keksa yoshdagi aholini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, pensiyaning eng kam miqdorini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rishni rejalashtirmoqda.

2022 yildan boshlab to‘rt yil davomida qisqarib kelgan materik Xitoy aholisi 2025 yilga kelib 1 milliard 404 million 890 ming kishini tashkil etdi.

Aholining yosh guruhlari bo‘yicha taqsimotiga ko‘ra, 16 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan, mehnatga layoqatli yoshdagi aholi 851,36 million kishini yoki umumiy aholining 60,6 foizini tashkil etadi. 60 yosh va undan katta yoshdagilar soni esa 323,38 million kishi yoki aholining 23 foiziga teng.

Tahlilchilarning fikricha, Xitoy uzoq muddatli demografik o‘zgarishlar davriga kirgan ko‘rinadi. Bu jarayonda mamlakat aholisi asta-sekin qarib boradi, mehnatga layoqatli yoshdagi aholi ulushi esa muntazam ravishda kamayadi.

2016 yildan boshlab aholi o‘sishi sekinlashgan Xitoyda 2022 yilda mamlakat aholisi soni ilk bor qisqardi. 2025 yilda tug‘ilish koeffisiyenti har ming kishiga 5,63 nafarni tashkil etdi. Bu 1949 yilda milliy statistika yuritish boshlanganidan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Xitoy hukumati 1980-yillardan buyon amal qilib kelgan «bir oila — bir farzand» siyosatidan voz kechdi. Dastlab, 2016 yilda oilalarga ikkita farzand ko‘rishga ruxsat berildi. Keyinchalik, 2021 yilda qonunga o‘zgartirish kiritilib, oilalarga uch nafargacha farzand ko‘rish imkoniyati yaratildi.

Biroq aholini farzand ko‘rishga rag‘batlantirishga qaratilgan siyosatga qaramay, iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi, yashash xarajatlarining ortishi va bola tarbiyasi bilan bog‘liq sarf-xarajatlar tufayli yosh avlod vakillari farzandli bo‘lish masalasida ikkilanmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, aholi sonining qisqarishi va demografik qarish jarayoni kelgusida Xitoyning mehnat salohiyati pasayishiga olib keladi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Kiritildi: 23:03 19.10.2026. O'qildi: 609 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!