Bu tartib Hukumatning 19 oktyabrdagi 577-son qarori bilan belgilandi.
Faoliyat yuritish huquqi besh yilga beriladi. Uni davom ettirish uchun xodimlar har besh yilda qayta ro‘yxatdan o‘tadi. Vakolatli organ – Tibbiyot va farmasevtika xodimlarining malakasini baholash markazi.
2027 yil 1 iyuldan 2030 yil 1 yanvargacha ro‘yxatdan o‘tish ixtiyoriy bo‘ladi. Bu maxsus imtihon natijalari asosida yoki malaka toifasini berish jarayonida avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 20 yillik ish staji va ilmiy darajasi bor xodimlar maxsus imtihonsiz ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Biroq murojaat sanasiga qadar mutaxassisligi bo‘yicha uch yil yoki undan ortiq vaqt davomida uzluksiz ishlamagan xodimlarga bu istisno tatbiq etilmaydi.
Arizalar Davlat xizmatlari markazlari, Yagona portal yoki Tibbiy malaka platformasi orqali qabul qilinadi. Talabgorni maxsus imtihonga qo‘yish yoki qo‘ymaslik haqida besh ish kunida qaror qabul qilinadi.
Guvohnoma faqat elektron shaklda beriladi va yagona elektron reestr orqali tekshiriladi.
Qaror rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.