Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil davomida mamlakatga 6,3 millionga yaqin migrant kelgan, ularning yarmidan ko‘pi ishlash maqsadida tashrif buyurgan. Eng ko‘p migrantlar O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolaridir.
Rossiya IIV Migrasiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi rahbari Valentina Kazakova Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida qilgan bayonotida, 2024 yilda mamlakatga taxminan 6,3 million xorijiy fuqaro kelganini ma’lum qildi. Ulardan 50 foizdan ko‘prog‘i Rossiyaga mehnat faoliyati bilan bog‘liq maqsadda kirib kelgan.
Kazakovaning ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkichlar pandemiyadan avvalgi darajalarga qaytganini anglatadi. IIV ma’lumotlariga ko‘ra, kelgan migrantlarning 23,3 foizi — O‘zbekiston, 16,7 foizi — Tojikiston, 10,4 foizi — Qirg‘iziston va 9,5 foizi Belorussiya fuqarolari hisoblanadi.
Shu bilan birga, Rossiya Davlat statistika xizmati (Rosstat) ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda migrasion sof o‘sish 568,5 ming kishini tashkil etgan. Bu raqam 4,081 million kelgan va 3,513 million chiqib ketganlar orasidagi farqni ko‘rsatadi. Unga ko‘ra, Tojikistondan 128 ming, O‘zbekistondan 107 ming va Qirg‘izistondan 105 ming fuqaro Rossiyaga kelgan. Bu 2023 yilga nisbatan 2,8 barobar ko‘proqdir.
IIVning 10 iyun kuni bergan qo‘shimcha ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada 638 mingdan ortiq migrant bolalar yashamoqda. IIV vaziri o‘rinbosari Igor Zubov ma’lum qilishicha, faqatgina Moskva shahrining o‘zida 80 mingga yaqin migrant bola istiqomat qiladi, ulardan bor-yo‘g‘i 25 ming nafari ta’lim olyapti.