Biz sizga tanishtirmoqchi bo‘lgan bu qahramonimiz Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida 1918 yilning 1 yanvarida (pasport ma’lumotlari bo‘yicha) tavallud topgan Hakimov Boratali ota Hakimovich bo‘ladilar.
Boratali ota ikkinchi jahon urushi davrida ayni navqiron yoshda edilar. Institutni tamomlab pedagogik faoliyatni tumandagi maktablardan birida matematika fanidan yosh avlodga bilim berish boshlagan edilar. Tabiiyki, ikkinchi jahon urushining boshlanishi bu urushga o‘sha davrda ittifoq tarkibida bo‘lgan O‘zbekistonning barcha erkaklari qatori Boratali otani ham chetlab o‘tmadi. Ota 1942 yili Beshariq tumanidan Harbiy frontga chaqirildi. Sobiq ittifoq armiyasi safida Belorusdan to Germaniya sarhadlarigacha bo‘lgan hududlarda jangovar hujumlarda mardonavor harakat qilib, 1944 yilning oxirida Sobiq ittifoq hukumati g‘alabasi muqarrarligi aniqlangach bir guruh ziyolilar qatori yurtga qaytdilar.
Borotali ota urushdan eson-omon qaytib, o‘z vatanlarida 40 yildan oshiq vaqt davomida o‘zlarining pedagogik sohasidagi faoliyatlarini davom ettirib, tumandagi xalq ta’limi muassalaridagi maktablarda matematika fanidan yosh avlodga bilim beribgina qolmay, Beshariq timani XTBga qarashli 6-o‘rta maktabda direktor bo‘lib ishlab, O‘zbekistonda ma’orif sohasining rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shib keldilar.
Boratali Hakimov hozirgi kunda o‘zining 7 qizi va 2 o‘g‘illaridan ko‘rgan 39 nafar nabira, 79 nafar chevara va 8 nafar evaralarning ardog‘ida umguzaronlik qilmoqdalar. Shu yilning 1yanvarida Boratali ota 106 yoshga kirganliklarini o‘z jigarbandlari bilan birgalikda nishonlashdi. Sizda savol tug‘ilishi mumkin: "Boratali ota 1918 yilda tug‘ilgan bo‘lsalar, qanday qilib 106 yoshga kiradilar?" . To‘g‘ri, siz hisobda adashmadingiz. Boratali Hakimov o‘z bolaliklarini yodga olganlarida 1914–1918- yillardagi birinchi jahon urushini va Turkistonda milliy ozodlik harakati yo‘lida kurashgan bir qancha qo‘rboshilar (o‘sha davrlarda ularni bosmachilar deb atashardi) orasida o‘zining bobosi Hakim otaning ukalari ham bo‘lganligini eslaydilar. Bundan ko‘rinib turibdiki, Boratali ota o‘sha davrlarda kamida 4-5 yoshlarda bo‘lgan . Lekin urush tufayli tug‘ilgan chaqaloqqa guvohnoma olish keyinga surilgan.
Ikkinchi jahon urushida qatnashib , yurtga qaytmagan, bedarak yo‘qolgan va mayib-majruh bo‘lib qaytgan vatandoshlarimizni muqaddas xotirasi oldida bosh egar ekanmiz, hozirgi kunda juda kamchilik bo‘lsa-da oramizda biz bilan birga shu kunlarga yetib kelib, el-yurt va yaqinlari ardog‘ida umr kechirayotgan Boratali ota va boshqa qahramonlarimizni 9 may – Xotira va qadrlash kuni bilan chin dildan tabriklab, qolaversa, Ikkinchi jahon urushida g‘alabaga qo‘shgan hissalari uchun xalqimiz nomidan va shaxsan o‘z nomimdan boshimiz yerga tekkuncha ta’zim qilaman. Boratali ota Hakimovga va hozirgi kunda keksalik gashtini surayotgan boshqa jangchi qahramonlarimizga yanada uzoq umr ko‘rib, xalqimizga , kelajak avlodlarga haqiqiy vatanparlik timsoli va tarixning tirik guvohlari sifatida o‘rnak bo‘lib , dasturxonlarimiz to‘rida dougo‘ylarimiz bo‘lib yurishlarini tilab qolaman. Boratali ota – umringiz uzoq bo‘lsin, hamisha davlatimiz va xalqimiz ardog‘ida bo‘ling.
Dilirabo Toshpo‘latova