Bugun 2 noyabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

O‘zbekiston va Slovakiya prezidentlari Samarqandda strategik sheriklikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar

O‘zbekiston va Slovakiya prezidentlari Samarqandda strategik sheriklikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini bilan muzokara o‘tkazdi.

O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.

"Barcha darajadagi ikki tomonlama almashinuvlarning ijobiy dinamikasi, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik mustahkamlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, savdo va investisiyalarni ko‘paytirish, muhim tarmoqlarda sanoat kooperasiyasi loyihalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

"O‘zbekistondan to‘qimachilik, charm, meva-sabzavot va boshqa talabga ega mahsulotlar, Slovakiyadan esa kauchuk, avtomobil butlovchi qismlari, farmasevtika va boshqa sanoat tovarlari yetkazib berishni ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu maqsadda milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini tashkil etish, savdo uylarini ochish rejalashtirilgan", — deyiladi xabarda.

Raqamlashtirishni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Bank kiberxavfsizligini monitoring qilish va yuklarni kuzatishning ilg‘or tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shma markaz yaratish bo‘yicha taklif kiritildi.

Slovakiya tadbirkorlari bilan avtomobil butlovchi qismlari, tayyor sut mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligi tasdiqlandi.

Xabar qilinishicha, gumanitar va ta’lim sohasidagi almashinuvlarni faollashtirish istiqbollari muhokama qilingan. Ikki davlat rektorlarining birinchi forumini 2026 yilda Bratislavada o‘tkazish, sayyohlik ko‘rgazmalari, o‘zaro turizm kunlarini tashkil etish taklifi bildirildi. Shuningdek, uyushgan mehnat migrasiyasini yo‘lga qo‘yish mavzusi ham muhokama qilindi.

Ko‘p tomonlama forumlarda o‘zaro yordam ko‘rsatish, dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Kiritildi: 15:55 30.10.2025. O'qildi: 576 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!