Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Karib mintaqasida AQSh harbiy kuchlari faollashib borayotgani fonida Rossiyadan harbiy yordam so‘radi. Bu haqda The Washington Post xabariga asoslanib bir qator OAVlar ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, Maduro Rossiya prezidenti Vladimir Putinga mazkur masalada rasmiy murojaat yo‘llagan. Shuningdek, u Xitoy va Eronga ham harbiy yordam yuzasidan shunga o‘xshash iltimos bilan murojaat qilgan.
Ma’lum qilinishicha, Venesuela transport vaziri Ramon Selestino Velaskes joriy yil oktyabr oyi o‘rtalarida Moskvada bo‘lib, rossiyalik hamkasbi bilan uchrashgan hamda Maduroning maktubini Rossiya rahbariyatiga yetkazgan. Maktubda Venesuelaning havo hujumidan mudofaa salohiyatini mustaxkamlash bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surilgan.
Jumladan, Maduro quyidagilarni so‘ragan:
avval Rossiyadan xarid qilingan bir nechta Su-30MK2 samolyotlarini ta’mirlashda yordam berish;
8 ta dvigatel va 5 ta radarni ta’mirlash;
mamlakatga Rossiya jangovar raketalarini yetkazib berish;
moddiy-texnikaviy ko‘mak ko‘rsatish.
Shuningdek, maktubda “Rostex” orqali uch yillik moliyalashtirish mexanizmini joriy etish taklifi ham ilgari surilgani aytiladi. Moliyalashtirish miqdori oshkor qilinmagan.