Bugun 2 noyabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

Imom Buxoriy majmuasi ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘ladi

Imom Buxoriy majmuasi ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etish uchun 30 oktyabr kuni Samarqandga tashrif buyurdi.

Ezgu an’anaga muvofiq, avvalo, Imom Buxoriy maqbarasi ziyorat qilindi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

Prezidentimiz majmuadagi so‘nggi pardozlash ishlari, hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish jarayonlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mazkur majmua buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqeyi, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi.

Majmua hududi kengaytirilib, ayni paytda uning umumiy maydoni 44 gektarga yetdi. Mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurib bitkazilgan. Ziyoratgohning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlagan.

Davlatimiz rahbari yangi masjiddagi bunyodkorlikni ko‘zdan kechirdi.

Prezidentimiz har gal Samarqandga kelganida majmuaning qurilishi jarayoni bilan tanishib, bu joy faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi.

Shu maqsadda yangi majmuada innovasion muzey ham tashkil etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 ta payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.

Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolarida ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan. Bitta to‘rt yulduzli, ikkita uch yulduzli va 22 ta oilaviy uy mehmonxonalari tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari mamjua faoliyatini sifatli tashkil etish, odamlarga qulayliklarni kengaytirish, yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ezgu niyatlar bilan majmua hududiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Kiritildi: 13:37 30.10.2025. O'qildi: 740 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!