Amerikalik kongressmenlar Trampni Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida sammit o‘tkazishga chaqirdi.
AQSh Kongressi a’zolari Sidni Kamlager-Dav va Bill Hyuizenga prezident Donald Trampga diplomatik forum tashkil etilganining 10 yilligi munosabati bilan Vashingtonda “Markaziy Osiyo - AQSH” (C5+1) yetakchilari sammitini o‘tkazishga chaqiruvchi maktub yo‘lladi. Bu haqda kongressvumen Kamlager-Dav rasmiy saytida xabar berdi.
"Prezident Trampning C5+1 sammitidagi shaxsiy ishtiroki forumning 10 yilligini muhim diplomatik lahzaga aylantirishi va AQSH-Markaziy Osiyo munosabatlarining keyingi o‘n yillikdagi yo‘nalishini belgilab berishi mumkin", deyiladi maktubda.
“Markaziy Osiyo - AQSH” (C5+1) formati AQSh va Markaziy Osiyoning beshta davlati o‘rtasidagi muloqot va birgalikdagi sa’y-harakatlar uchun platforma hisoblanadi. C5+1 2015 yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvidan so‘ng tashkil etilgan va 2023 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlar uchrashuviga qadar tashqi ishlar vazirlari darajasida o‘tkazilgan.