Bugun 23 oktyabr, 2025 yil, payshanba

КИР

Qashqadaryoda 3 yoshli qizchani 19 mln so‘mga sotib yuborgan hamshira qamaldi

Qashqadaryoda 3 yoshli qizchani 19 mln so‘mga sotib yuborgan hamshira qamaldi

Qashqadaryo viloyati Koson tumanida 3 yoshli bolani 19 million so‘mga sotib yuborgan oila hamshirasiga sud hukmi o‘qildi.

Voqea 2023 yilda sodir bo‘lgan. Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli poliklinikada ishlovchi hamshira ayol 2020 yilda tug‘ilgan qizchani uni dunyoga keltirgan onasi bilan kelishib, 19 million 700 ming so‘mga boshqa ayolga sotib yuborgan. Bundan tashqari, u bolani sotib olgan ayolga tug‘ilganlik haqida guvohnoma olib berishini aytib, 2 million so‘m pora olgan.

Oradan 2 yil o‘tib, 2025 yilda hamshira qizchani yana bir marta sotishga uringan. U 60 yoshli erkak bilan til biriktirib, qizni boshqa fuqaroga 15 ming dollarga sotayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.

Mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sudning 17 sentyabrdagi hukmiga ko‘ra, hamshira Jinoyat kodeksi 135-moddasi 3-qismining «a» bandi (Odam savdosi, 18 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan) va 168-moddasi 2-qismining «b» bandida (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

U 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi va BHMning 30 barobari miqdorida jarimaga tortildi. Uning sherigiga esa yashash uydan chiqish cheklangan holda uch yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlanib, BHMning 30 barobari miqdorida jarima jazosi berildi.

Ayni paytda qizaloqning ahvoli yaxshi, u Kitob tumanidagi bolalar uyida tarbiyalanmoqda.

Kiritildi: 14:41 22.10.2025. O'qildi: 721 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!