Vengriya Tramp bilan uchrashuv uchun Budapeshtga tashrifi chog‘ida Putinni Xalqaro jinoiy sud orderi asosida hibsga olmasligini ma’lum qildi.
"Biz Budapeshtda prezident Vladimir Putinni qabul qilamiz va uning muvaffaqiyatli muzokaralar o‘tkazib, uyiga qaytishini ta’minlaymiz", — dedi Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto.
AQSh prezidenti Rossiya rahbari bilan Vengriyada uchrashuv o‘tkazishini e’lon qilgan edi. Muzokaralarning aniq sanasi hali belgilanmagan.
Vengriya Xalqaro jinoiy sud (XJS) faoliyatini belgilovchi Rim statutini ratifikasiya qilgan. XJS ukrainalik bolalarni Rossiyaga majburan olib chiqib ketish ishi bo‘yicha Putinni hibsga olish uchun order chiqargan edi. Shunga qaramay, Vengriya hukumati 2023 yilda ham Putinni mamlakatga tashrif buyursa, hibsga olishni rejalashtirmayotganini bildirgan.
Putin 2024 yil sentyabr oyida Mo‘g‘ulistonga, 2025 yil oktyabr oyida esa Tojikistonga tashrif buyurgan. Har ikki davlat ham Rim statutini ratifikasiya qilgan bo‘lsa-da, Rossiya prezidentini hibsga olmagan.