Majburiy ijro byurosining Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida musodara qilingan katta miqdordagi noqonuniy tamaki mahsulotlari belgilangan tartibda yo‘q qilindi. Ushbu jarayon kontrabandaga qarshi kurashning qat’iyligini yana bir bor namoyon etdi.
Xususan, Majburiy ijro byurosi Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan 12 ta holatda umumiy qiymati 486 million so‘m bo‘lgan, jami 34.600 quti noqonuniy tamaki mahsulotlari aniqlanib, tegishli sud qarorlari asosida musodara qilingan edi. Ushbu ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlash maqsadida, Farg‘ona shahri chetida joylashgan maxsus chiqindi poligonida keng ko‘lamli tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Bojxona organlari, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, hamkor tashkilotlar vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari (jurnalistlar, blogerlar) va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Musodara qilingan tamaki mahsulotlari xolislar ishtirokida sinchkovlik bilan sanoqdan o‘tkazildi. Barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilganidan so‘ng, mahsulotlar belgilangan tartibda yoqib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilindi.
Byuroning Farg‘ona shahar bo‘limi boshlig‘i F.G‘iyosov ta’kidlashicha, bu kabi noqonuniy yo‘llar bilan yurtimizga olib kirilayotgan tamaki mahsulotlari nafaqat mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazadi, balki aholi salomatligiga ham katta xavf soladi. Ularning sifati kafolatlanmaganligi sababli iste’molchilar uchun yanada xatarlidir. Shu bois, huquqni muhofaza qiluvchi organlar noqonuniy tovarlar aylanmasiga qarshi kurashni doimiy ravishda kuchaytirib bormoqda.
Mazkur aksiya mamlakatimiz hududiga noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelayotgan kontrabanda mahsulotlariga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qat’iyati va izchilligini yana bir bor isbotladi. Bunday tadbirlar kontrabandaga qarshi kurashning samarali mexanizmlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.