2025 yil 12 oktyabr kuni Osakadagi «Shining Hat» Ekspo-xollida Butunjahon ko‘rgazmalar byurosi («BIE») mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu marosim «EXPO 2025 Osaka, Kansai» Xalqaro ko‘rgazmasining yorqin yakuniy akkordi bo‘ldi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston pavilyoni 1500 m² gacha maydonli pavilyonlar orasida o‘z toifasidagi eng oliy mukofot — «Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi» nominasiyasida oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Qarorni 21 may kuni pavilyonga tashrif buyurgan to‘qqiz nafar ekspertdan iborat xalqaro hakamlar hay’ati qabul qildi. Mukofotlar besh turdagi pavilyonlar o‘rtasida uchta asosiy nominasiya — «Arxitektura va landshaft», «Ko‘rgazma dizayni» va «Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi» bo‘yicha topshirildi.
«Biz taqdim etgan «Bilimlar bog‘i: kelajakdagi jamiyat uchun laboratoriya» konsepsiyasida an’analar va innovasiyalar uyg‘unligi o‘z aksini topgan. G‘oyamiz jahon hamjamiyatida keng ko‘lamli aks-sado berdi», — dedi (https://t.me/SShMirziyoyeva/3208) Saida Mirziyoyeva.
Prezident Administrasiyasi rahbari professionallik va ushbu loyihaga bo‘lgan ishonch uchun butun jamoaga, shuningdek, xalqaro hamkorlarga minnatdorlik izhor etgan.
Butunjahon ko‘rgazmalar byurosi («BIE», 1928 yilda tashkil etilgan) mukofoti EKSPO doirasida ko‘rgazmaning asosiy mavzusi bilan hamohang sohalarda erishilgan yutuqlar uchun taqdim etiladi. Bu mukofot innovasion g‘oyalar, ilg‘or texnologiyalar va ishtirokchi-davlatlarning madaniy jihatlarini namoyon etgan eng yaxshi pavilyon va ekspozisiyalarga beriladi.
Nufuzli «BIE» mukofoti — dunyo ko‘rgazmasi rivojiga katta hissa qo‘shgan ishtirokchilarning noyob natijalarini e’tirof etadi hamda ularning muayyan sohadagi liderligini ifoda etadi. Mukofot sohibi bo‘lgan pavilyonlar kreativ, zamonaviy texnologiyalarga va global muammolarga yangi yondashuvlarni namoyon etgani uchun taqdirlanadi.