Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Toshkent shahridagi 300-umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida sodir bo‘lgan mojaroni aks ettirgan video bo‘yicha Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati bayonot berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, holat 20 sentyabr kuni yuz bergan. Darsdan so‘ng 4-sinf o‘quvchisi I.A. va sinfdosh o‘g‘il bolalar o‘rtasida og‘zaki tortishuv ortidan janjal kelib chiqqan. Maktab ma’muriyati bu holat haqida hududiy profilaktika inspektori hamda maktabga biriktirilgan inspektor-psixologlarga darhol xabar bergan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, I.A. bilan janjallashgan o‘quvchilar — I.A. va E.J.ning ota-onalari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) asosan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ota-onalar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borilgan. Shuningdek, maktab direktori va mas’ul xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilgan.