Nashrning bir nechta manbalariga tayanib xabar berishicha, AQSh prezidenti dushanba, 13 oktyabr kuni ertalab Isroilga borishi, Knessetda (Isroil parlamenti) nutq so‘zlashi va garovga olingan isroilliklarning oilalari bilan uchrashishi rejalashtirilgan.
O‘sha kuni kechqurun u Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sissi bilan uchrashish uchun Misrga borishi va G‘azo kelishuvining uch kafolatchisi – Misr, Qatar va Turkiya yetakchilari bilan ushbu kelishuvni imzolashi kutilmoqda.
Shuningdek, Tramp Sharm ash-Shayxda G‘azo masalasida tashkil etiladigan sammitda ishtirok etishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu sammitda qatnashish uchun Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Qatar, BAA, Iordaniya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Pokiston va Indoneziyaning davlat va hukumat rahbarlari yoki tashqi ishlar vazirlariga ham taklifnomalar yuborilgan. Biroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning sammitda ishtirok etishi kutilmayapti.
AQSh rasmiylari Trampning sammitda ishtirok etish rejasini Axios'ga tasdiqlagan. Sammit seshanba kuni ertalab o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ammo manbalar uning dushanbaga ko‘chirilishi ham mumkinligini ta’kidlamoqda.