Starbucks qahvaxonalar tarmog‘i AQShda 900 nafar xodimini ishdan bo‘shatishi va oy oxirigacha Shimoliy Amerikadagi 400 ga yaqin do‘konini yopishini e’lon qildi. Kompaniya Yevropada ham ayrim qahvaxonalarini yopmoqchi. Qisqartirishlardan maqsad – xarajatlarni kamaytirish.
Bundan tashqari, rahbariyat bu o‘zgarishlar orqali savdo nuqtalarida mijozlarning kutib qolish vaqti kamayishi va daromadli joylarda savdo hajmi oshishini aytmoqda.
Starbucks shu yil fevral oyida ham sotuvlari pasayib borayotgani uchun AQShda 1100 ta ish o‘rnini qisqartirayotgani, menyuni esa maqbullashtirayotganini e’lon qilgandi. Shu tariqa, kompaniya bir yil ichida o‘z mamlakatida 2 mingta ish o‘rnidan voz kechishga majbur bo‘lmoqda.
Kompaniya bosh direktori Brayan Nikkolning so‘zlariga ko‘ra, navbatdagi qisqartirish doirasida Britaniya, Shveysariya va Avstriyadagi ayrim qahvaxonalar ham yopiladi. Shu bilan birga, joriy moliya yilida Britaniyada 80 ta, Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika bo‘ylab esa jami 150 ta yangi do‘kon ochish rejasidan voz kechilmagan.
Moliyaviy natijalarning salbiyligi fonida, yil boshidan beri Starbucks aksiyalari 8 foizga arzonlashdi.
TD Cowen tahlilchilarining qayd etishicha, AQShda ommalashib borayotgan format – avtomobildan tushmagan holda qahva xarid qilish imkonini beruvchi kofeshoplar Starbucks'ga jiddiy raqobatchiga aylangan.
O‘tkazilgan so‘rovlarda mijozlarning 70 foizdan ortig‘i narxlar balandligi uchun Starbucks qahvaxonalariga borishni kamaytirayotganini aytgan.