Xitoyning quyosh energiyasi bo‘yicha yetakchi Shandun muzofoti kutilmagan muammoga yo‘liqdi — ishlab chiqarilayotgan elektr toki me’yordan oshib ketdi. Natijada elektr narxi pasayib ketmoqda, muzofot rahbarlari bunga chora ko‘rish maqsadida quyosh panellarini qisqartirib, o‘rniga shamol parraklari va atom energetikasini rivojlantirish haqida bosh qotirishmoqda.
Shandun — quyosh energetikasi giganti. Agar alohida davlat bo‘lganida, Yevropaning ko‘plab mamlakatlarini ortda qoldirib, elektr energiyasini ishlab chiqarishda jahonda oltinchi o‘rinni egallagan bo‘lardi. 2020 yildan 2025 yilgacha muzofotda quyosh elektr stansiyalari quvvati 23 dan 85 gigavattgacha oshdi, bunga uylarning tomlariga yoppasiga quyosh panellari o‘rnatish hisobiga erishildi, deb yozmoqda Bloomberg.
Quyosh panellarining eng katta kamchiligi — energiya asosan kunning o‘rtasida, talab uncha yuqori bo‘lmagan paytda ishlab chiqariladi. Bu elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklama tushgan bir pallaga to‘g‘ri keladi.
Muzofot rahbarlari shamol va atom energetikasini rivojlantirishni tezlashtirish orqali energiya balansini barqarorlashtirishni rejalashtirmoqda. Bu manbalar sutkaning turli vaqtlarida energiya ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, tariflarni pasaytirish orqali kunduzgi soatlardagi iste’mol rag‘batlantiriladi va bir vaqtning o‘zida energiya saqlash tizimlari — ortiqcha energiyani yig‘ib, kechqurun tarqatuvchi akkumulyator tizimlari rivojlantiriladi.