Bugun 22 sentyabr, 2025 yil, dushanba

КИР

Sherzod Asadov BMT Bosh kotibining global kommunikasiyalar bo‘yicha o‘rinbosari bilan uchrashdi

Sherzod Asadov BMT Bosh kotibining global kommunikasiyalar bo‘yicha o‘rinbosari bilan uchrashdi

O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov Nyu-York shahrida BMT Bosh kotibining global kommunikasiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Melissa Fleming bilan uchrashuv o‘tkazdi.

«Muloqotda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar va islohotlar alohida ta’kidlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizning xalqaro nufuzi sezilarli darajada oshgani, ommaviy axborot vositalari erkinligi, ochiqlik va axborotdan foydalanish sohasida katta yutuqlarga erishilgani qayd etildi.

Uchrashuvda BMT doirasidagi Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surish, yolg‘on axborot tarqalishiga qarshi kurashish va yoshlarni global tashabbuslarga jalb etishga qaratilgan muhim loyihalar va kampaniyalar muhokama qilindi. Shuningdek, strategik kommunikasiyalar, media bilan hamkorlik va jurnalistlar uchun ta’lim dasturlarini yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari — Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini UN Academic Impact dasturiga kiritish muhim ahamiyat kasb etishi, bu talabalar va tadqiqotchilarga ta’lim va ilmiy izlanishlar bo‘yicha global tashabbuslarda ishtirok etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.

Shuningdek, yolg‘on axborotga qarshi kurashish, yosh jurnalistlarni tayyorlash va BMTning xalqaro stajirovkalarida ishtirokini ta’minlash borasida hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va BMT Global kommunikasiyalar departamenti vakillarining O‘zbekistonda o‘tkaziladigan tadbirlarda faol ishtirokini ta’minlash yuzasidan kelishuvga erishildi», deb yozdi u.

Kiritildi: 12:34 20.09.2025. O'qildi: 551 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!