Donald Tramp Nyu-Deli Rossiya neftini xarid qilishni qisqartirmaguncha Hindiston bilan savdo kelishuvini tasdiqlamasligini ma’lum qildi.
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z jamoasi tomonidan taklif qilingan Hindiston bilan savdo kelishuvini tasdiqlashdan bosh tortdi. The Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, amerikalik rahbar hujjatni imzolashni Rossiya neftini import qilishni kamaytirish bilan bog‘ladi.
Gazeta yozishicha, yaqinda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio va savdo vakili Djeymison Grir Trampga yangi kelishuv loyihasini taqdim etishgan. U Hindistonning AQSh tovarlariga solinadigan bojlarini sezilarli darajada kamaytirishni ko‘zda tutadi. Ammo prezident Nyu-Delining Rossiyadan sotib olishni kamaytirishga rozilik bergunga qadar uni ma’qullamaydi.
Manbalar ta’kidlashicha, AQSh va Hindiston munosabatlari so‘nggi o‘n yilliklardagi eng pas darajada. Vaziyatni yanada murakkablashtirgani – Oq uyning savdo maslahatchisi Piter Navarroning yaqindagi bayonotlari bo‘lib, u Hindistonni Rossiya neftini xarid qilishi orqali Ukrainadagi harbiy harakatlarni bilvosita qo‘llab-quvvatlashda aybladi.
Tramp ma’muriyati Navarroning izohlarini «samarasiz» deb baholagan, chunki u muzokaralarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etmaydi. Shunga qaramay, Davlat departamenti vaziyatni barqarorlashtirishga urinishga buyruq olgan.
The Washington Post manbalariga ko‘ra, Oq uy savdo va Rossiya neftini alohida masala sifatida qaramoqda, ammo «davom etayotgan xaridlar yordam bermayapti».
Tramp qaytadan Oq uyga kelgandan keyin AQSh Hindistondan importga bojlarni keskin oshirdi. Avgust oxirida bojlar 25% ga o‘sib, 50% gacha yetdi va bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga aylandi. Tramp buni Hindiston «to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita» Rossiya neftini import qilayotgani bilan izohladi.
Nyu-Deli bunday choralarni adolatsiz deb atadi.
«Vashingtonning bu harakatlari asoslanmagan», — dedi Hindiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Randhir Jaysval.
Neft va tabiiy gaz vaziri Xardip Puri esa Rossiya nefti yetkazib berishlari dunyo iqtisodiyotini narx shokidan himoya qilganini ta’kidladi: «Bu yetkazib berishlar bo‘lmaganida barreli $200 gacha yetar edi». U barcha Hindiston kelishuvlari xalqaro qoidalarga muvofiq amalga oshirilishini qo‘shimcha qildi.