Bugun 7 sentyabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

Kitob o‘qigan mahkumlarning jazo muddati qisqarishi mumkin

Kitob o‘qigan mahkumlarning jazo muddati qisqarishi mumkin

Senat yalpi majlisida mahkumlarni axloqan tuzatish va jamiyatga moslashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ma’qullandi.

Qonunga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalarida kitob o‘qigan mahkumlarning jazo muddati qisqartirilishi mumkin. Xususan, Jinoyat kodeksi 741-modda bilan to‘ldirilib, har bir o‘qilgan kitob uchun mahkumning jazo muddati 3 kunga kamaytirilishi, biroq yil davomida ko‘pi bilan 30 kungacha qisqartirilishi belgilanmoqda.

Bunda kitoblar Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tasdiqlagan ro‘yxatdan bo‘lishi shart. Norma umrbod ozodlikdan mahrum etilganlardan tashqari, shartli ravishda muddatidan oldin ozod qilinishi mumkin bo‘lgan shaxslarga tatbiq etiladi. Bu o‘zgarishlar 13,5 mingdan ortiq mahkumga taalluqli bo‘ladi.

Shuningdek, qonun bilan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunga ham tuzatishlar kiritildi. Yo‘l bezoriligi yoki mast holda transport boshqarganligi uchun huquqidan mahrum etilgan shaxslar profilaktik hisobga alohida toifa sifatida kiritiladi.

2024 yilda bunday shaxslar tomonidan 23 mingdan ortiq qoidabuzarlik sodir etilgan, natijada 1 019 yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Ularda 295 kishi halok bo‘lib, 873 nafar fuqaro jarohat olgan. Shu bois yo‘l-patrul xizmati xodimlari va profilaktika inspektorlari o‘zaro hamkorlikda nazoratni kuchaytiradi.

Senatorlar qayd etishicha, mazkur qonun mahkumlarni ma’naviy tuzatish va ularda jamiyat qoidalariga hurmatni shakllantirishga xizmat qiladi.

Kiritildi: 14:45 04.09.2025. O'qildi: 683 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!