Polshaning sobiq prezidenti Andjey Duda jurnalistlik kasbini tanlashga qaror qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda X ijtimoiy tarmog‘ida Kanal Zero internet-kanalining asoschisi Kshishtof Stanovskiy xabar berdi.
“Katta mamnuniyat bilan aytishim mumkinki, Kanal Zeroda yangi muallifimiz bor. Prezident Andjey Duda 16 ta dolzarb mavzu bo‘yicha 16 ta ko‘rsatuv tayyorlaydi”, deya yozdi Stanovskiy.
Uning aytishicha, Polshaning sobiq rahbari tayyorlaydigan ko‘rsatuvlarda “o‘nlab suhbatdoshlar va vaziyatlar, xotiralar hamda bugungi kun muammolari haqidagi qarashlar o‘rin oladi”.
Kanal Zero YouTube video xizmatida efirga uzatiladi. Ushbu kanal Polshaning yirik muxolif partiyasi “Huquq va adolat” bilan aloqador, deb taxmin qilinadi.
Avgust oyida Duda prezident sifatidagi faoliyatini “besh”ga baholab, olti balli tizimdan foydalanganini ta’kidlagan.