O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi tashkilotlari dron xizmatlaridan foydalanish uchun arizani onlayn taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali samaradorlikni oshirish vazifasi qo‘yilgan. Yangi tizim doirasida 4 mln gektardan ortiq yer maydonlaridagi ekinlarni ekish va sug‘orish jarayonlari raqamlashtiriladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligidagi mavjud 30 dan ziyod axborot tizimi yagona platforma — «Raqamli qishloq xo‘jaligi» (Agroportal) orqali birlashtiriladi.
«Agroportal» xizmatlarning «yagona nuqtasi» sifatida ishlaydi. U orqali dron xizmatlariga ariza berish, shartnoma tuzish va to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. 30 metrgacha balandlikda uchadigan dronlar xizmatlari tegishli idoralardan olingan yillik ruxsatnomalar asosida taqdim etiladi.
Farmonda, shuningdek, 2025 yil 1 dekabrdan yerlarni ikkinchi marta ijaraga berish va uni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari ham «Agroportal» orqali amalga oshirilishi belgilangan. 2026 yil 1 martdan boshlab esa qishloq xo‘jaligi yerlarining toifasini o‘zgartirishga oid arizalarni onlayn tarzda berish, jarayonni kuzatish va natijalarni olish imkoniyati yaratiladi.