Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–iyun oylarida mamlakatdan O‘zbekistonga qoramol eksporti besh baravar, qo‘y va echki sotuvi esa qariyb 10 baravar kamaygan. Joriy yilning olti oyida atigi 11 ming 227 bosh yirik shoxli qoramol eksport qilingan bo‘lsa, 2024 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 53 ming 429 boshni tashkil etgan.
Xuddi shu davr mobaynida qo‘shni davlatdan O‘zbekistonga 10 ming 270 bosh qo‘y va echki yetkazib berilgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida bu raqam 112 ming 206 bosh bo‘lgan. Rasmiylar eksportning bunday keskin kamayishini ichki bozorni himoya qilish va narxlarni barqarorlashtirish choralari bilan izohlamoqda.
Qirg‘izistonda go‘sht narxi sezilarli darajada oshmoqda. 29 iyul holatiga ko‘ra, mamlakat bozorlarida 1 kilogramm mol yoki qo‘y go‘shti o‘rtacha 700 som, ya’ni qariyb 100 ming so‘mdan sotilgan. Hukumat narxlarni nazoratga olish, chorva mollarining noqonuniy chiqarilishini to‘xtatish va eksportga miqdoriy cheklovlar kiritish choralarini ko‘rmoqda.
O‘zbekistonda ham oxirgi bir yilda go‘sht narxi keskin oshdi — 32,9 foizgacha qimmatlash kuzatildi. Joriy yil iyul oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, eng qimmat mol go‘shti Farg‘ona viloyatida 109 ming 182 so‘mni tashkil qilmoqda, ayrim hududlarda esa suyakli go‘sht narxi 130–140 ming so‘mgacha yetgan. Shu bilan birga, yil oxirigacha Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh qo‘y va echki import qilinishi rejalashtirilmoqda.