Bu haqda Britaniyalik jurnalistka Keti Livingston Zalujniy jamoasidagi manbasiga tayanib xabar berdi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni, hozirda esa Londonda elchi sifatida faoliyat yurituvchi Valeriy Zalujniy prezidentlik saylovlariga tayyorlanmoqda.
Hozircha bu haqda rasmiy bayonot yoki saylovoldi kampaniyasining boshlanishi haqida e’lon berilmagan, ammo Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yaqinda bergan bayonotida, urush holati tugashi bilan saylovlar o‘tkazilishi mumkinligini tasdiqlagan.
Zalujniyning saylov shtabini general-leytenant Sergey Nayev boshqaryapti, deb xabar qiladi Livingston. Unga yordamchi sifatida Ukraina parlamenti deputati, “Evropeyskaya Solidarnost” partiyasi vakili Viktoriya Syumar faoliyat olib bormoqda.
Media kampaniya uchun sobiq BBC-Ukraine jurnalisti Oksana Torop javobgar etib tayinlangan.
Xalqaro strategiya bo‘yicha ishlarga esa — Feyklarga qarshi kurash markazining sobiq rahbari, hozirda NABU (Korrupsiyaga qarshi milliy byuro)da direktor o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan Polina Lisenko mas’ul.
Zalujniyning o‘zi hozircha o‘z siyosiy rejalari haqida ochiqcha gapirishdan tiyilayotgani qayd etilgan. Ukrainadagi so‘rovnomalarga ko‘ra, u Zelenskiyga nisbatan jiddiy raqobatchi sifatida ko‘rilayotgan va g‘alaba qozonish imkoniyati yuqori deb baholanmoqda.