Ushbu aliment uchun to‘langan summa hozircha eng yirik miqdordagi to‘lov bo‘lib qolmoqda.
Nukus shahrida fuqaro 1 nafar farzandi uchun 2,2 mlrd so‘mlik aliment mablag‘ini to‘ladi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor A.B.dan uning sobiq turmush o‘rtog‘ining foydasiga bir nafar farzandining ta’minoti uchun u voyaga yetguniga qadar aliment undirish belgilangan.
Ushbu ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan bo‘lib, bo‘lim davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlariga olib borilgan.
Ijro harakatlari davomida, qarzdor Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limiga kelib, farzandi 18 yoshgacha to‘lgunga qadar to‘lashi lozim bo‘lgan aliment pullarini oldindan to‘lash istagini bildirgan.
Shunda davlat ijrosi tomonidan qarzdorga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 808-sonli qaroriga muvofiq farzandi voyaga yetguniga qadar to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment pullarini oldindan to‘lashi mumkinligi tushuntirilgan va kelgusi 13 (un uch) yil davomida to‘lashi lozim bo‘lgan aliment pullari hisoblab chiqilgan bo‘lib, u 2 milliard 270 million 812 ming so‘mni tashkil etgan.
Shundan keyin undiruvchi MIB Nukus shahar bo‘limiga kelib, hisoblab chiqilgan 2 mlrd. so‘mdan ortiq aliment pullarini sobiq turmush o‘rtog‘idan olganligini ma’lum qilgan va bu tilxat taqdim qilgan.
Ma’lumot uchun: ushbu aliment uchun to‘langan summa Byuro tarixida hozircha eng yirik miqdordagi to‘lov bo‘lib qolmoqda.