DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va boshqa huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida yashovchi, 1976 y.t. fuqaro 72 000 dona tibbiy buyumlarni 111 mln so‘mga sotishga kelishib, oldindan 30 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsning yashash xonadoni va avtotransport vositasini ko‘zdan kechirish jarayonida, jami 240 mln so‘mlik 29 xil nomdagi 72 389 dona tibbiy buyumlar va “Magnikum”, “Relok”, “Dizenteron” va boshqa shu kabi 867 quti dori va biologik aktiv qo‘shimchalar sotish maqsadida saqlanayotganligi aniqlandi.
“Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” Davlat muassasasining tegishli xulosasiga ko‘ra, mazkur dori vositalari sifatsiz va saqlash sharoitiga amal qilinmagan bo‘lib, sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlanadi.
Hozirda mazkur fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.