Yil boshida “meva – hudud – xorijiy davlat” tizimi asosida ishlar tashkil qilingan edi. Shunga qaramay, vazirlik va idoralar, hokimlar haligacha eskicha yondashuv bilan ishlayotgani qayd etildi.
O‘tgan yili meva-sabzavot eksportining 75 foizi may-oktyabrga, ya’ni jahon bozori mahsulotga to‘yingan, narxlar arzonlashgan davrga to‘g‘ri kelgan. Noyabr-martda esa narx 2-3 barobar qimmat bo‘ladi.
Eksportga mas’ullar o‘zi yangilik qilolmasa, tadbirkorlardan o‘rganishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, avval 1 kilogramm olcha 30 sentga ham sotilmagan. Ilg‘or eksportchilarimiz bu yil 9 ming tonna “shok” usulida muzlatilgan olchani 26 million dollarga eksport qilgan. O‘zimizda olcha yetishmagani uchun import qilib, muzlatib, reeksport qilishni ham boshlashgan.
Shuning uchun ham dala chetida eksportbop mahsulotlar, xususan olchani ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Joriy yilda 2 ming 600 gektar dala chetiga ekilgan ekinlar suvsizlik sababli qurib qolgan. Jondor, Ohangaron, G‘allaorol, To‘raqo‘rg‘on va Yangibozor tumanlari dala chetida tomchilab sug‘orish bo‘yicha yaxshi tajriba qildi. Viloyat hokimlariga ushbu tajriba asosida ekin qurib qolgan 2 ming 600 gektarda tomchilab sug‘orishni joriy qilish topshirildi.
Shuningdek, meva-sabzavot zamonaviy qadoqda eksport qilinsa, ko‘proq daromad olish mumin. Bu yil hududlarda 16 ta zamonaviy qadoq ishlab chiqarish loyihasi ishga tushdi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni kuchaytirish, yil yakunigacha yana 15 ta bunday korxonani ishga tushirish zarurligi qayd etildi.