2025 yil 25 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining deputatlari hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mutasaddilari va sanitar tozalash korxonalari vakillari ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Jarayonda mazkur qonun loyihasi bilan amaldagi 4 ta qonunda aholining chiqindi xizmatlaridan debitor qarzdorliklarini kamaytirish, xizmat sifatini yaxshilash va qamrov darajasini oshirish maqsadida kiritilgan qo‘shimchalar muhokama qilindi.
Shuningdek, kun tartibida yangi tizimning borishi, natija, qulayliklari va aholi tomonidan yuzaga kelayotgan murojaat va e’tirozlarning yechimi kabi masalalarga ahamiyat qaratildi.
Jumladan:
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 yanvardagi 5-sonli Farmoniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilib, unga ko‘ra aholi e’tirozlarini oldini olish maqsadida chiqindi xizmatlari uchun abonentlarga oylik to‘lovlarni hisoblash maxsus texnikalarga o‘rnatilgan GPS uskunalari joriy qilingan hududlarga, faqatgina ko‘rsatilgan xizmatlar uchun bosqichma-bosqich joriy etilishi qayd etildi.
Bundan tashqari, abonentlarning ma’lumotlarini to‘liq va aniq shakllantirish maqsadida “Toza makon” yagona elektron billing tizimi ishlab chiqilib, barcha abonentlarning PNFL va kadastr raqamlari bir-biriga moslashtirilishi orqali identifikasiya qilingan.
Hozirgi vaqtda tizim Ichki ishlar va Adliya vazirliklari, Bojxona va chegara organlari, Kadastr agentligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ma’lumotlar bazasi, O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) hamda “Elektron hukumat” dasturlari bilan o‘zaro integrasiya qilingan.
Ma’lumot o‘rnida: Bugungi kunda 75 foiz abonentlar ichki identifikasiyadan o‘tkazilgan bo‘lib, 88 foiz abonentlarning jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikasion raqami shakllantirilgan va 97 foiz abonentlarning mulk to‘g‘risidagi kadastr raqami tizimda shakllantirilgan.
Bundan tashqari, “Toza makon” mobil ilovasi ham yaratilib, unga kirish “ONE ID” tizimi va shaxsiy hisob raqami orqali amalga oshiriladi, bu esa aholi uchun qulaylik yaratadi. Ilovada chiqindi xizmati uchun to‘lov odam soniga qarab hisoblanib, bugungi kunda respublikada 7,3 mln abonent shakllantirilgan. Ilovada qarzdorlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarda tafovut yuzaga kelsa, sohadagi me’yoriy hujjatlarni qayta hisob-kitob qilish tartibi mavjudligi sababli shffof hisoblanadi.
Qolaversa, sohadagi murojaat va takliflarni 24/7 rejimida Agentlikning “1205” ishonch raqami orqali yo‘llash, “my gov” tizimi va mobil ilova orqali onlayn ariza qoldirish imkoniyati yaratilgan.
Davra suhbatida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan hamkorlikda 5-sonli Farmon ijrosi yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilgani ma’lum qilindi.
Xususan:
hamkorlik memorandumi imzolandi, texnologik yo‘riqnomalar ishlab chiqilib, texnik ishlar bajarildi;
2024 yil oktyabr oyida abonentlarga “SMS” xabarnoma yuborish tizimi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi;
qarzdor abonentlarni elektr to‘lovlari uchun cheklovga qo‘yish va qarzdorlik so‘ndirilgandan so‘ng avtomat tarzda cheklovdan chiqarish tizimlari muvaffaqiyatli test sinovlaridan o‘tkazildi;
— Mazkur Qonun bilan 2024 yil 30 iyunga qadar shakllangan qarzdorliklarga mazkur tizim tatbiq etilmasligi belgilangan. Shuni hisobga olib, abonentlarga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “2100” qisqa raqami orqali “SMS” xabarnomada jami qarzdorlik va 2025 yil iyul oyidan avgust oyiga qadar shakllangan qarzdorlik kabi ikki turdagi qarzdorlik ko‘rsatiladi.
Abonentlar tomonidan avgust oyigacha shakllangan qarzdorlik bartaraf etilganda onlayn tarzda cheklovdan chiqariladi. Qolgan qarzdorliklarning undiruvi qonunchilikda belgilangan tartibda sud organlari orqali amalga oshiriladi. Bunda sud organlariga da’vo arizasi xizmat ko‘rsatuvchi sanitar tozalash korxonasi tomonidan kiritiladi.
— Sanitar tozalash xizmati boshqa kommunal sohalardan farqli o‘laroq, bunda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun qayta hisob-kitob tartibi mavjud.
Ma’lumot uchun: ushbu tartibga ko‘ra, 2025 yil yanvar-iyul oylarida 1,3 mln abonentning jami 75,0 mlrd so‘m miqdoridagi qarzdorligi aholi foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.
Qolaversa, hozirgi kunda maishiy chiqindilarni aholidan yig‘ib, poligonga yetkazish xizmatida bir oyda bir kishi uchun tarif miqdori 4500 so‘mdan 8500 so‘m atrofida to‘g‘ri keladi. Holbuki, Toshkent shahrida o‘rtacha 1 tonna chiqindisini iste’molchilardan olib chiqib, poligonga yetkazish uchun o‘rtacha 1 mln so‘m mablag‘ sarf etiladi.
Uchrashuv yakunida parlament hamda soha vakillari o‘rtasida doimiy maslahatlashuv va fikr almashish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.