Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudida qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olgan “G.S” MCHJ rahbari S.I. ishi ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 6 noyabrdan 7 noyabrga o‘tar kechasi Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida navbatdagi tungi reyd tadbiri o‘tkazilgan, unda Chirchiq daryosi muhofaza hududidan qum-shag‘al aralashmasi ortib berilayotganligi aniqlangan edi.
Holatga aniqlik kiritilganida, qum-shag‘al aralashmasi “G.S.” MCHJga tegishli bo‘lgan tosh maydalash sexiga olib borib to‘kilayotganligi ma’lum bo‘lgan. Holat yuzasidan davlat inspektorlari tomonidan tabiatga katta miqdorda zarar yetkazilgani hisob-kitob qilingan va to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan edi.
Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan “G.S” MCHJ rahbari S.I. Jinoyat kodeksiing tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, uzil-kesil o‘tash uchun 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazoni umumiy tartibdagi koloniyalarda o‘tash belgilandi. Shuningdek, huquqbuzardan davlat foydasiga katta miqdorda zarar va jarima undirilishi ham belgilab qo‘yildi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 1 maydan ayrim suv havzalari, xususan, Chirchiq daryosi o‘zanidan noruda materiallar qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan. Ekologiya vazirligi moratoriy talablariga qat’iy rioya qilish, ekologik huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik va bu qonunga ko‘ra qat’iy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantiradi!