15 iyul kuni Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan Peshku tumanidagi “Safron” cho‘l massivida navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazildi.
Reydda boshqarmaning inspeksiya boshlig‘i J.Toshev hamda inspektorlar A.Qurbonov, B.Ro‘ziyev, J.Yadgarov, F.Murodov, N.Muhammadiyev va O.Hesenov ishtirok etdi.
Tadbir davomida Xorazm viloyatidan bo‘lgan noma’lum shaxslar “ZIL” rusumli yuk mashinasiga noqonuniy ravishda kesilgan saksovul o‘simliklarini ortib, cho‘l hududidan olib chiqishga uringani kuzatuvga olingan. Ta’qib paytida yuk mashinasi A-380 avtomobil yo‘li orqali Xorazmga kirib ketgan.
Shundan so‘ng bosh inspektor J.Toshev kuzatuvni davom ettirgan va yo‘lning taxminan 5-km qismida “ISUZU” yuk mashinasi tomonidan yo‘li to‘silib, xizmat mashinasiga shikast yetkazilgan. Avtomobildan tushgan noma’lum shaxslar sovuq qurollar bilan xodimlarga hujum qilgan, bosh inspektorni haqorat qilgan.
Ayni paytda inspektorlar N.Muhammadiyev va O.Hesenovga nisbatan og‘ir jismoniy tajovuz sodir etilgan, ular turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. Xususan, N.Muhammadiyevning oyog‘i singani ma’lum qilindi. Jabrlanuvchilar tahdid ostida yuk mashinasiga majburan ortilib, harakat paytida o‘zlarini mashina bortidan tashlab, qochishga muvaffaq bo‘lishgan.
Bundan tashqari, noma’lum shaxslar ekologiya boshqarmasi mashinasiga ham zarar yetkazishgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.