Bugun 18 iyul, 2025 yil, juma

КИР

Murod Nazarov: "Toshkentda daraxtlarni kesishni cheklamaslik kerak"

Murod Nazarov: "Toshkentda daraxtlarni kesishni cheklamaslik kerak"

Toshkent shahrida qurilish qilayotgan tadbirkorlarga daraxt kesishga cheklov qo‘yish noto‘g‘ri, dedi tadbirkor Murod Nazarov 17 iyul kuni qurilish sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda. Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlar qurilish jarayoniga xalal bergani uchun ayrim daraxtlarni kesishga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda kun.uz xabar berdi.

«Toshkent shahri bosh rejasiga tuzatish kiritilyapti. Bundan buyon poytaxtda qurilishlar yo renovasiya, yo rekonstruksiya hududlarida bo‘ladi. Tabiiyki, bo‘sh joy yo‘q. Har bir bino atrofida daraxt bor. Daraxtlarni o‘ylamasdan kesib tashlashgani uchun katta rezonansga olib kelib, moratoriy qo‘yilgandi. Lekin tan olish kerak, bu joylarda hatto rekonstruksiya paytida texnikaga daraxtlar xalaqit beradi. Va qandaydir yo‘llar bilan baribir daraxtlar kesilyapti. Cheklov qo‘yish kerak emas, cheklovlar korrupsiyani kuchaytiradi. Imtiyozlarga ham qarshiman», dedi Nazarov.

Tadbirkor mazkur masalaga yechim sifatida quruvchi kompaniya zimmasiga kesilgan daraxtlar o‘rniga yangilarini ekishni yuklash kerakligini aytdi.

«Har bir quruvchi kompaniya yoki bo‘lmasa uchinchi shaxs «daraxtlar banki» ustida ishlasin. Masalan, biz kelasi yoki undan keyingi yilda taxminan qancha qurilish qilishimizni bilamiz. Taxminan nechta daraxt kesilishi mumkinligini ham hisoblaymiz. Oldindan yangi daraxtlarni ekib qo‘yaylik. Ertaga nechta daraxt kesishga to‘g‘ri kelsa, diametri, ko‘rsatkichlari belgilab qo‘yilsin. Kerak bo‘lsa, uchinchi shaxslar bu bilan shug‘ullansin. Chunki oldindan daraxt ekmagan kompaniya bo‘lsa, daraxtni uchinchi shaxsdan sotib olsin. Natijada daraxt ekishga ham investisiyadek qaraladi. Masalan, Mirobod tumanida kesadigan bo‘lsak, yangi ekilgan daraxtlarni o‘sha tuman balansiga (kesilgan daraxt o‘rniga) o‘tkazib qo‘yaylik. Cheklov bo‘lgandan ko‘ra, shunday mexanizm yarataylik», dedi tadbirkor.

Yig‘ilishda ishtirok etgan Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev tadbirkor so‘zlariga qo‘shimcha ravishda: «Mirobodda 1000 ta daraxt ekkan quruvchi, masalan boshqa joyda 50 ta daraxt kesishi mumkin bo‘ladi», dedi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov daraxtlarni kesishni qonuniylashtirishga urinishlarga qarshi chiqdi.

«Moratoriy muhokama mavzusi emas. Developer daraxt kesishni qonuniylashtirish kerak, deyapti. Ekologlar esa developerlar uylarini shahardan tashqarida qursin, deyapti. Nima haqiqat ekanini belgilovchi — bu jamoatchilik. Bugun odamlar shahar markazida qurilishlar emas, yashil hududlarni ko‘paytirish tarafdori», dedi u.

Shuningdek, Bekmurodov kesilgan daraxtlar o‘rniga yangi daraxtlar ekish haqidagi bahslarni ham tanqid qildi.

«Bitta chinor biroz soya berishi uchun 7−10 yil vaqt kerak. Taklif berayotgan developer shuncha yil oldin daraxt ekib, bog‘ yaratdimi?» degan savolni qo‘ydi deputat.

O‘zbekistonda daraxtni noqonuniy kesganlik uchun jazo choralari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasida belgilangan. Jumladan, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundak qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish fuqarolarga BHM 25 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdorlarga BHM 50 baravaridan 75 baravarigacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Kiritildi: 23:52 17.07.2025. O'qildi: 1083 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!