2025 yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston dunyo miqyosida eng xavfsiz mamlakatlar reytingida yuqoriga ko‘tarildi. «Numbeo» portali tomonidan e’lon qilingan joriy yilgi xalqaro jinoiy holat indeksida yurtimiz 73,4 ballik xavfsizlik indeksi bilan 25-o‘ringa joylashdi.
Ushbu reyting «Crime Index » — jinoiylik darajasi va «Cafety Index» — xavfsizlik darajasi mezonlariga asoslanib tuziladi. Bu indeksda pastroq jinoiylik baliga ega davlatlar nisbatan xavfsiz deb baholanadi. Xususan, 2025 yil yanvar–iyun oylarida Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar orasida Qozog‘iston 73-o‘rinda (54,4 ball), Qirg‘iziston esa 101-o‘rinda (48 ball) qayd etilgan. Turkmaniston va Tojikiston reytingda ishtirok etmagan.
O‘zbekiston hozirda xavfsizlik darajasi bo‘yicha Chexiya va Shveysariyadan oldinda joylashgan. 2024 yilning shu davrida O‘zbekiston 71 ballik indeks bilan 27-o‘rinda bo‘lgan edi.
Mazkur reytingda eng xavfli davlat sifatida Gaiti ilk o‘rinni egallagan. Shuningdek, jinoyatchilik darajasi yuqori bo‘lgan boshqa davlatlar qatoriga Papua-Yangi Gvineya (80,7), Venesuela (80,5), Afg‘oniston (75,2) va Janubiy Afrika (74,6) kirgan. Aksincha, eng xavfsiz mamlakatlar sifatida Birlashgan Arab Amirliklari, Andorra va Qatar ko‘rsatilgan.