Texnik jihatdan tartibga solish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda o‘rnatilgan 11,4 mingta liftning 8,9 mingtasi texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan. Shuningdek, 6 mingta lift texnik pasportsiz, 7,4 mingtasida esa xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot umuman yo‘q.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi lift xavfsizligi bo‘yicha uchta muhim qarorni qabul qildi. Yangi reglamentga ko‘ra, liftlarning loyihalash, o‘rnatish va foydalanish jarayonida iqtisodiy operatorlar (ishlab chiqaruvchi, o‘rnatuvchi, distribyutor va boshqalar)ning javobgarligi qat’iy belgilanadi. Shuningdek, mahsulotning xavfiga qarab muvofiqlikni baholash «modul» tizimi asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, hukumat xalqaro standartlarga o‘tishni boshladi. ISO/IEC 17020 talablariga mos tashkilotlar tomonidan har bir lift dastlabki va har yili davriy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Har bir lift texnik holatiga qarab maxsus rangli yorliqlar bilan belgilanadi — bu orqali aholi nosoz liftlar haqida tezkor xabar berish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi tizim Yevropa Ittifoqi va Turkiya tajribasi asosida joriy etilmoqda. Hukumatning maqsadi — liftlarning butun hayot sikli davomida xavfsizlikni ta’minlash va jamoatchilikda ishonch uyg‘otish. Xususan, so‘nggi yillarda Xitoy va Turkiyadan keltirilgan liftlarda yuz bergan baxtsiz hodisalar bu sohadagi yetishmovchiliklarni ochiqlashga turtki bo‘ldi.
Tub islohotlar natijasida nafaqat liftlarga, balki boshqa turdagi mahsulotlarga ham xalqaro talablar asosida muvofiqlikni baholash va nazorat qilish mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan.