Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Axborot xizmati rahbari Dilnoza Yusupovaning ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida bolalarga oid murojaatlar soni sezilarli darajada oshgan. Bolalar ombudsmani nomiga 885 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 47 foizga ko‘pdir.
Shu muddatda 665 ta murojaat nazoratga olingan, 160 tasi boshqa idoralarga yuborilgan, 61 ta murojaat ijobiy hal qilingan. Qolgan murojaatlar takroriy bo‘lgani bois ko‘rib chiqilmagan. 20 ta murojaatni esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri voyaga yetmaganlar yo‘llagan.
Bola huquqlari buzilishi holatlari yuzasidan davlat idoralariga 6 ta ta’sir hujjati kiritilgan. Zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 2 ta jinoyat ishi va 5 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan 3 nafar pedagog intizomiy jazoga tortilgan.
Internet orqali aniqlangan 185 ta holat tekshirilib, ulardan 60 tasi zo‘ravonlik bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu holatlar bo‘yicha qo‘shimcha 16 ta jinoyat va 22 ta ma’muriy ish ochilgan. Shuningdek, sud ishlarida kuzatuvchi sifatida 20 marta ishtirok etilgan.
Bola huquqlari sohasida normativ-hujjatlar takomillashtirilib, 21 ta hujjat loyihasi yuzasidan taklif berilgan. Shu bilan birga, YUNISEF va YEXHT bilan hamkorlikda bolalarni himoya qilish bo‘yicha malaka oshirish kurslari va treninglar tashkil etilgan.
Xorijdagi og‘ir ijtimoiy vaziyatda qolgan bolalarni Vatanga qaytarish bo‘yicha ham faoliyat olib borilgan. Jumladan, 5 nafar bola O‘zbekistonga, 1 nafar bola Rossiyaga qaytarilgan. Rossiya hududida qarovsiz qolgan 16 nafar bola muvaqqatcha sharoitlar bilan ta’minlanib, keyinchalik yurtiga qaytarilgan.