Buyuk Britaniya parlamentining 60 ga yaqin a’zosi Falastin davlatini darhol tan olishni talab qildi. Bu chaqiriq Isroil mudofaa vaziri g‘azoliklarni Rafah xarobalarida quriladigan lagerga majburan ko‘chirish rejasini e’lon qilganidan so‘ng yangradi.
Tashabbus Leyboristlar partiyasining markazchi va so‘l qanot deputatlaridan chiqqan bo‘lib, ular tashqi ishlar vaziri Devid Lemmiga xat yo‘ladi. Unda G‘azoda etnik tozalash sodir bo‘layotgani aytiladi.
Deputatlar hukumatdan Isroilning Rafah bo‘yicha rejasiga to‘sqinlik qilish uchun zudlik bilan chora ko‘rishni, shuningdek, Falastin davlatini rasman tan olishni talab qilishmoqda.
Bu maktub Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan qo‘shma matbuot anjumanidan so‘ng yuborilgan. O‘shanda ikki davlat rahbarlari Falastinni tan olish bo‘yicha bayonot bergan edi.
“Biz sizga Isroil mudofaa vazirining dushanba kuni e’lon qilgan, barcha g‘azoliklarni Rafah xarobalarida joylashgan lagerga majburan ko‘chirish rejasiga oid tashvishlarimizni bildirish uchun murojaat qilyapmiz. Isroildagi yetakchi inson huquqlari yuristi Mixail Sfrad buni insoniyatga qarshi jinoyatni amalga oshirish bo‘yicha harbiy reja deb ta’rifladi. Shuningdek, aholini G‘azo janubiga ko‘chirish va ularni mintaqadan butunlay deportasiya qilishga tayyorgarlik sifatida baholadi”, deyiladi maktubda.
Deputatlar hukumatdan beshta yo‘nalishda harakat qilishni so‘radi.
Ushbu maktub Leyboristlar partiyasi deputatlarining so‘nggi haftalardagi ikkinchi murojaati hisoblanadi, ammo bu safar ular o‘z ismlarini ochiq e’lon qilishgan. Avvalgi xatga ayrim parlament yordamchilari va kichik vazirlar ham imzo qo‘ygan edi.