Bugun 16 iyul, 2025 yil, chorshanba

КИР

Tramp tarafdorlarini “Epshteyn ishi” tufayli bosh prokurorga hujum qilmaslikka chaqirdi

Tramp tarafdorlarini “Epshteyn ishi” tufayli bosh prokurorga hujum qilmaslikka chaqirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp jinsiy savdoda ayblangan Jeffri Epshteynning o‘limi yuzasidan Adliya vazirligi olib borgan tergovdan norozi bo‘lgan ayrim tarafdorlarining tanqidiga javoban bosh prokuror Pem Bondini himoya qildi.

Tramp Truth Social tarmog‘ida tarafdorlariga murojaat qilib, 2019 yilda qamoqda vafot etgan Epshteynga doir ish bilan endi hech kim shug‘ullanishi shart emasligini, bunga vaqt va kuch sarflashga hojat yo‘qligini yozdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hozirda barcha Bondiga hujum qilmoqda, holbuki u o‘z vazifasini "ajoyib tarzda" bajarmoqda. "Biz MGAda bitta jamoamiz. Hozir sodir bo‘layotgan voqealar menga yoqmayapti", — deya ta’kidladi prezident. MAGA — “Make America Great Again” (“Amerikani yana buyuk qilaylik”) shiori bo‘lib, Tramp tarafdorlarini birlashtiruvchi chaqiriq hisoblanadi.

AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) va Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda aytilishicha, Epshteynning qamoqda vafot etishi va uning ehtimoliy mijozlari bo‘yicha bir qator eski nazariyalarni tasdiqlovchi hech qanday dalillar topilmagan.

Amerikalik mashhur konservatorlar, jumladan Ilon Mask, bosh prokuror Pem Bondi va FQB direktori Kesh Patelni tanqid qilishmoqda. Bunga sabab, avvalroq Bondi “Epshteyn ishi”ga doir “muhim faktlar”, jumladan “ko‘plab ismlar” ochiqlanishini va’da qilgan edi.

Fox News va NBC News xabarlariga ko‘ra, FQB direktorining o‘rinbosari Den Bonjino bu masalada Bondi bilan janjallashgan va iste’foga chiqishni ko‘rib chiqmoqda. Patel va Bonjino FQBda ish boshlashdan oldin "hukumat Epshteyn haqidagi ma’lumotlarni AQSh jamoatchiligidan yashirayapti", deb taxmin qilishgan.

Reuters'ning yozishicha, Adliya vazirligi va FQB 300 gigabaytdan ortiq ma’lumotlarni o‘rganib chiqqanidan so‘ng, hech qanday “mijozlar ro‘yxati” yoki Epshteyn mashhur shaxslarni shantaj qilganiga oid dalillar aniqlanmaganini bildirdi.

Bayonotda, shuningdek, FQB ilgari xulosa qilganidek, Epshteyn sudni kutayotgan paytda qamoqxonada o‘z joniga qasd qilgani bildirildi va u boshqa birov tomonidan o‘ldirilmaganiga oid versiya yana bir bor tasdiqlangani aytiladi.

Kiritildi: 20:55 13.07.2025. O'qildi: 730 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!