Falastin Tashqi ishlar vazirligi Isroil armiyasi tomonidan G‘azo sektorida tinch aholiga, jumladan, ayollar, bolalar va keksalarga qarshi yo‘naltirilgan ommaviy qatllarni yana bir bor keskin qoraladi.
Rasmiy bayonotda Isroildan hujumlarni darhol to‘xtatish, tinch aholini himoya qilish va hududga gumanitar yordamni to‘siqsiz yetkazish talab qilingan. Hujumlar aholining yoshi yoki ijtimoiy toifasidan qat’i nazar amalga oshirilayotgani ta’kidlangan.
TIV alohida ravishda Nusayrat qochqinlar lageridagi suv ta’minot punktiga qilingan yaqindagi bombardimonga e’tibor qaratdi. Bu hujum natijasida 6 nafar bola jami 8 kishi halok bo‘lib, 16 nafar kishi yaralangan.
Vazirlik Isroilning hujumlari yangidan yangi vayronagarchiliklar va insonlar qurboniga olib kelayotganini qayd etdi. Shuningdek, Isroilning Rafah shahrida "gumanitar shahar" barpo etish rejasiga jiddiy e’tiroz bildirildi — bu loyiha haqiqiy yordam bilan bog‘liq emasligi va xalqaro hamjamiyat tomonidan ham qoralanayotgani ta’kidlandi.
Bayonotda shunday deyiladi:
«Isroil ochlik va suv yetishmovchiligini qurol sifatida ishlatmoqda. Undan insonparvarlik qadamlarini kutmaslik kerak. Hujumlarni to‘xtatish, falastinlik tinch fuqarolarni himoya qilish va yetarli gumanitar yordamni Gazoga yetkazish — yagona to‘g‘ri yo‘ldir».
2024 yil 18 mart kuni Isroil armiyasi yopilgan otashni buzib, G‘azo sektoriga kuchli hujumlarni qayta boshladi. Shu paytgacha 7 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, o‘n minglab odamlar yaralangan.
Rasmiy falastin manbalariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrda Isroilning keng ko‘lamli hujumlari boshlanganidan beri 57 mingdan ziyod falastinlik halok bo‘lgan, 138 mingdan ziyod kishi jarohat olgan.
Shuningdek, 27 maydan beri Isroil va AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan "gumanitar yordam tarqatish nuqtalari"da falastinliklar doimiy tarzda hujumlarga uchrayotgani qayd etilgan — bu hujumlar natijasida 800 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, minglab kishi yaralangan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektori ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish niyatida ekanini bayon qilgan va armiya okkupasiyani kengaytirish rejasini amalga oshirishni boshlagan.