Bugun 16 iyul, 2025 yil, chorshanba

КИР

Rossiyaga millionlab hindistonlik ishchilar keladimi?

Rossiyaga millionlab hindistonlik ishchilar keladimi?

9 iyul kuni Ural savdo-sanoat palatasi rahbari Andrey Besedin yil oxirigacha Rossiyaga 1 milliongacha hindistonlik ishchi kelishi mumkinligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kelishuvlarga Sverdlovsk viloyati ham kiradi, bu yerda metallurgiya va mashinasozlik korxonalarida ishchi kuchi yetishmayapti. Ba’zi ommaviy axborot vositalari, Yekaterinburgda hindistonlik ishchilarni qabul qilishni osonlashtirish uchun Hindiston konsulligi ochilishi rejalashtirilayotganini ham yozmoqda.

Ishchi kuchi yetishmovchiligining sababi – chaqiruv va yoshlar ishlab chiqarish korxonalarida ishlashni xohlamasligi. Rossiyaning barcha hududlarida ishchi kuchi yetishmasligi va tug‘ilish ko‘rsatkichining rekord darajada pasayishi kuzatilmoqda. Ukrainada urush boshlanganidan keyin ishchi kuchi yetishmovchiligi 1,5-2 million kishiga yetdi.

Besedin aytishicha, O‘zbekistondan va boshqa sobiq ittifoq respublikalaridan kelgan migrantlar rus tilini bilgani va madaniyatga yaqinligi sababli moslashishi oson, ammo hindistonliklar va lankaliklar bilan muloqot qiyin bo‘ladi. U Shri-Lanka va Shimoliy Koreyani ham potensial hamkorlar sifatida nomladi.

Shu bilan birga, Mehnat vazirligi 1 million hindistonlik ishchilar kelishi haqidagi ma’lumotni rad etdi: yillik cheklov faqat 234,9 ming nafar xorijiy ishchini qamrab oladi.

Ayni paytda ayrim rus kompaniyalari hindistonlik mutaxassislarni yollashni boshladi. Mart oyida «Samolyot» kompaniyasi hindistonlik quruvchilarni jalb qilish bo‘yicha pilot loyiha o‘tkazdi, ammo til to‘sishlari va madaniy farqlar muammoga aylandi, dedi kompaniyaning operasion direktori Aleksey Akindinov.

Ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, X5 supermarketlar tarmog‘i (Pyatyorochka va Perekryostok) hindistonliklarni logistika bo‘limiga, Ozon esa omborlar va IT bo‘limlariga yolmoqda. O‘tgan yili faqat Sankt-Peterburgda 4 mingdan ortiq hindistonlik ish izlagan.

Sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasi Rossiya ehtiyojlari uchun Hindistonda kasb-hunar kollejlari ochishni taklif qildi, bu g‘oya Ta’lim vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ammo millionlab ishchilar haqida aniq ma’lumotlar hozircha yo‘q.

Kiritildi: 14:33 11.07.2025. O'qildi: 1846 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!