AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Kiyevga ayrim turdagi qurollarni yetkazib berishni qayta tikladi.
Bu haqda Associated Press agentligi manbalarga tayanib, xabar bermoqda.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Ukrainaga 155 mm kalibrli snaryadlar va GMLRS yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilari yuborilmoqda.
Avvalroq Amerika OAVlari Kiyevga harbiy yordam yetkazilishi to‘xtatilgan vaqtda qurollar Polshadagi omborlarda bo‘lganini xabar qilgan edi.
O‘z navbatida Reuters agentligi ikki manbaga tayanib xabar berishicha, o‘tgan haftada qurol-yarog‘larning ayrim turlarini yetkazib berish to‘xtatilgani, aftidan, AQSh harbiy zahiralari haddan tashqari kamayishi mumkinligi haqidagi xavotirlar bilan bog‘liq edi.