O‘zbekiston sportchilari Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga yaxlit tizim asosida tayyorlanadi. Prezident farmoniga muvofiq, 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning yangi konsepsiyasi tasdiqlandi.
Hujjatda sport turlari ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan toifalarga ajratilishi, ular ro‘yxati har 4 yilda qayta ko‘rib chiqilishi belgilangan. Boks, dzyudo, erkin kurash, og‘ir atletika kabi yo‘nalishlar medallar bo‘yicha asosiy maqsad sifatida qayd etilgan. Shuningdek, triatlon, voleybol, stol tennisi kabi 21 ta sport turi bo‘yicha lisenziya olish vazifasi qo‘yilgan.
2025 yildan boshlab «Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari» deb nomlangan uch bosqichli sport musobaqalari o‘tkaziladi. Ularning finali har yili «Prezident Olimpiadasi» sifatida tashkil etiladi. Bu musobaqada ishtirok etgan va yuqori o‘rinlarni egallagan sportchilar milliy terma jamoalar uchun zaxira sifatida tayyorlanadi.
Shuningdek, sportchilar 8–11-sinf bosqichida Olimpiya va Paralimpiya maktabida, keyingi bosqichda esa Olimpiya va Paralimpiya kollejida o‘qitiladi. Oliy harbiy ta’lim muassasalariga sport chempionlarini imtiyozli qabul qilish, ularga oylik stipendiyalar tayinlash ham nazarda tutilgan.
Bu choralar Olimpiya yo‘nalishida yuqori natijalarga erishishga xizmat qiladi va sport sohasini yanada tizimli ravishda rivojlantirishni maqsad qilgan.