Eron Tashqi ishlar vazirligi "Isroilning asosiy qo‘llab-quvvatlovchisi sifatida" AQSh Isroil hujumlari uchun mas’ul ekanini aytdi.
Bu haqda vazirlik bayonotiga tayanib, "Tasnim" xabar bermoqda.
"Eronga qarshi tajovuzning xavfli va keng ko‘lamli oqibatlari Isroil rejimi va uning tarafdorlari zimmasiga tushadi", — deyiladi bayonotda.
Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, "Isroil AQShning muvofiqlashtirishi va ruxsatisiz Eronga qarshi hujumlar uyushtira olmas edi" dedi.
"Qo‘shma Shtatlar hukumati ushbu rejimning asosiy yordamchisi sifatida ushbu sarguzashtning xavfli oqibatlari uchun javobgar bo‘ladi", deb ta’kidladi TIV.
Vazirlik o‘z bayonotida Isroilni BMT Nizomining 4-moddasi 2-bandini buzganlikda aybladi. Shuningdek, Eron BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq hujumlarga javob berishni o‘zining qonuniy huquqi deb bilishi qayd etilgan.
"Eron Islom Respublikasi BMT Xavfsizlik Kengashining xalqaro tinchlik va xavfsizlikning buzilishiga qarshi zudlik bilan choralar ko‘rish mas’uliyatini ta’kidlaydi. Xavfsizlik Kengashi raisi va a’zolaridan bu borada imkon qadar tezroq choralar ko‘rishni so‘raydi", — deyiladi bayonotda.