Senatning 7-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.
Bugungi kunda ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar ijtimoiy ahamiyatini yo‘qotgan va ularning soni keskin kamaygan. Shu bilan bir vaqtda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir nechta moddasida ayni bir ma’muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilangan. Shu bois ushbu Qonun ularni muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilganligi qayd etildi.
Endi ayrim ma’muriy ishlar — masalan, tortishib qolish, chaqimchilik, yoki boshqa katta xavf solmaydigan holatlar — faqat jabrlanuvchi norozi bo‘lsagina sudga chiqadi.
Davlat har bir ishga aralashmaydi. Sudgacha hal qilishga yo‘l ochiladi. Bu — inson huquqlariga hurmat, sudlarni ortiqcha yukdan qutqarish va mayda kelishmovchiliklarni katta ish qilib ko‘rsatmaslik demakdir.
Qonun bilan - ijtimoiy ahamiyati qolmagan, amalda uchramaydigan ba’zi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik bekor qilinadi. Tamaki chekish bo‘yicha tartibga solinmagan javobgarliklar umumlashtirilib, alohida modda qilib kiritilyapti.
Qisqa qilib aytganda kam ahamiyatli ishlarga jiddiy chora ko‘rilmaydi. Har ish uchun sudga yugurmaysiz.Kelishmovchiliklarni sud emas, o‘zingiz hal qilish imkoni paydo bo‘lyapti.