“Manchester Siti” sobiq yarim himoyachisi Koul Palmerni jamoaga qaytarish uchun futbol tarixidagi eng yirik transferlardan birini amalga oshirishi mumkin. Klub uning uchun qariyb 300 million yevro (250 million funt sterling) miqdorida taklif tayyorlamoqda. Bu haqda Fichajes nashri xabar berdi.
Bir necha yil avval “shaharliklar” Palmerni 45 million funt evaziga “Chelsi”ga transfer qilgan edi. Futbolchi o‘tgan mavsumlarda “aristokratlar” safida yuqori darajadagi o‘yin namoyish qilib, jamoaning muhim figuralaridan biriga aylandi. Shu sababli “Manchester Siti” uni ortga qaytarishni istamoqda. “Chelsi” esa futbolchining salohiyatini inobatga olgan holda, bu transferdan maksimal daromad qilishni rejalashtirmoqda. Manbalarga ko‘ra, “Siti” dastlab 170 million funt taklif qilgan, ammo bu taklif rad etilgan.
London klubi hozirda Palmer uchun 250 million funt sterling (taxminan 297 million yevro) talab qilmoqda. Agar transfer shu summada amalga oshsa, bu futbol tarixidagi eng qimmat bitimlardan biri bo‘ladi.
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Palmerni jamoaga qaytarishni istayotganini ochiq bildirgan. Uning fikricha, Palmer hozirgi tarkibni kuchaytirishga qodir futbolchi. Shu bois klub rahbariyati uni qaytarish uchun rekord darajadagi mablag‘ ajratishga tayyor.
Ma’lumot uchun, Koul Palmer o‘tgan mavsum “Chelsi” safida jami 52 uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 18 gol va 14 assist yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali uning qiymatini 120 million yevroga baholamoqda.