AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset kelasi hafta boshida Isroilga rejalashtirilgan tashrifini bekor qildi. Bu haqda The Jerusalem Post gazetasi vaziyatdan xabardor manbaga tayanib xabar berdi.
3 may kuni Axios portali Isroil rasmiylari orasidagi manbalarga tayanib, Xegset prezident Donald Trampning Yaqin Sharqqa safari oldidan Isroilga tashrif buyurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pentagon rahbarining yahudiy davlatiga tashrifi 12 may kuni kutilgan edi. Isroilda Xegsetning mahalliy hamkasbi Israel Kats, shuningdek, mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan edi.
Avvalroq Oq uy Tramp 13-16 may kunlari Yaqin Sharqqa safar uyushtirishi, uning davomida Saudiya Arabistoni, Qatar va BAAga tashrif buyurishi haqida xabar bergandi.