O‘zbekistondagi 2025 yilgi Haj mavsumi shu yil 13 maydan boshlanadi. 28 mayga qadar har kuni yurtimizdan Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
Ziyoratchilar yurtimizning 9 ta hududidagi Toshkent, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Navoiy va Nukus shaharlaridagi aeroportlar orqali Madina shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchadi.
Aviaparvozlar Uzbekistan Airways bilan birga FlyNas va FlyAdeal aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Haj tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari jadal davom etmoqda:
– Ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi;
– Emlash ishlari olib borildi;
– Guruh rahbarlari va shifokorlar biriktirildi;
– Safar oldidan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi;
– Hujjatlar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, har bir ziyoratchiga quyidagilar taqdim etilmoqda:
– "Haj – buyuk ibodatdir" qo‘llanmasi, sumka, nimcha, termos, soyabon, sim-karta va quvvatlagich.
Ayni paytda guruh rahbarlari ziyoratchilar bilan Haj amallari bo‘yicha suhbatlar olib bormoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida Haj amallari haqidagi suhbatlar, tavsiyalar va maqolalar taqdim etilmoqda.